Uz Ru
Foydali maqolalar 02.05.18

Xonadonni ta’mirlashga tayyorgarlik ko’rish

Xonadonni ta’mirlash ishlari boshlanar ekan, uni ko’ngildagidek bajarib, vaqtida bitirishning iloji bormikan, degan savol ko’pchilikni qiziqtiradi. Ta’mirlash ishlari uzoqqa cho’zilib ketmasligi uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Maqolamizda ushbu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Xonadonni ta’mirlash rejalashtirilayotganda vaqt hamda moliyaviy holat hisobga olinadi. Shuning uchun avvalambor, ayni damda remontning qaysi xili zarurligi belgilab olinadi. Agar devor va shiftni yangilash, pol usti qoplamasini o’zgartirish zarur bo’lsa, kosmetik ta’mirlashning o’zi kifoya qiladi.

Bordi-yu, eski va uringan narsalardan voz kechib, oyna va eshiklarni almashtirish kerak bo’lsa, devor va shiftlarni tekislash lozim bo’lsa, xonadon butunlay kapital ta’mirdan chiqishi shart. Kosmetik remontni qilish qiyin emas, uy egalari o’z kuchlari bilan eplashlari mumkin, biroq kapital remont rejalashtirilgan bo’lsa, unda mutaxassislarga murojaat qilgan ma’qul. Bu holda moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib ish tutish kerak, albatta.

Tayyorgarlikning keyingi bosqichida har bir xonaning dizayni va uslubini belgilab olish lozim. Bunday holda interyer bo’yicha dizaynerlarga murojaat qilish mumkin. Bunda ham moliyaviy ahvol hisobga olinadi.

Iloji boricha har bir xona remonti uchun bir necha eskizlar (xomaki chizma) namunasini tayyorlash kerak. Ulardan birida tepadan ko’rinish tasvirlansa, qolganlarida to’rt devor tasvirlanadi. Eskizlarda mebellarning joylashish joyini ham ko’rsatish zarur, shunga qarab, devorlarning pardozlash ishlari amalga oshiriladi. Qandil, lampa va boshqa shu kabi yoritish vositalarini qayerga o’rnatish kerakligi rejalashtiriladi, rozetkalarning joylari belgilanadi.

So’ngra, ta’mirlash ishlari olib boriladigan xonalar ketma-ketligi belgilanadi. Odatda, ta’mirlash eng avval kirish eshigidan uzoqroqdagi xonalardan boshlanadi, kiraverishdagi xona va yo’lakchalarga esa eng oxirida kirishiladi. Bu ish devor va pollarni iflos qilib qo’ymaslik uchun qilinadi. Ta’mirdan chiqqan xonani esa chang va kir bilan ifloslanmasligi uchun selofan plyonka bilan o’rab chiqish mumkin.

Ta’mirlash ishlari kim tomonidan bajarilishini ham belgilab olish zarur – shaxsiy kuchlar bilan bajargan ma’qulmi yoki mutaxassislarga murojaat qilgan afzalmi. Albatta, mutaxassislarga murojaat qilgan afzal, chunki ular ish tajribasi hamda kerakli asbob-uskunalarga egadirlar. Bunda taklif qilinayotgan xizmatlarning nafaqat narxiga, balki ularning sifatiga ham ahamiyat berish lozim. Buning uchun qiziqtirayotgan brigadaning ishlari haqidagi fikr-mulohazalar bilan tanishib chiqish mumkin.

 Eng oxirgi bosqichda ta’mirlash ishlarining umumiy sarf-xarajatlari hisoblab chiqiladi, so’ngra zarur material va asboblar olib kelib, tayyorlab qo’yiladi. Ana shundan keyingina xonalarni bo’shatishni boshlash mumkin.

bosh sahifaga qaytish

Rahmat!

Siz bilan bizni tezda menedjer aloqaga chiqadi. YOPISH

+998 71 200 51 15

+998 98 337 80 00

YOPISH
\